
Ronaldu va uning agenti Xorxe Mendesh o'rtasida kelishmovchilik yuz berdi
Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu hamda uning agenti Xorxe Mendesh oʻrtasidagi munosabat sovuqlashgan. Bu haqda “AS” nashri xabar bermoqda.
Manbaning xabariga koʻra, portugaliyalik 37 yoshli forvard qariyb bir oydan buyon erkin agent maqomida ekani va uning kelajagi hali ham mavhumligicha qolayotgani sababli agentidan norozi boʻlgan. Noyabr oyi soʻnggida “Manchester Yunayted” bilan xayrlashgan Ronaldu 1-yanvar kuni yangi klubi safiga oʻtishi mumkin, ammo u hozirgacha hali hech bir klub bilan kelishuvga erishmagan.
37 yoshli hujumchining yuqori talablari sababli Xorxe Mendesh Yevropaning hech bir klubidan taklif olmagan. Krishtianuning oʻzi esa hali-hamon Chempionlar ligasida ishtirok etuvchi klub safida toʻp surishni istamoqda. Ammo MYU va Portugaliya terma jamoasidagi oʻyinlaridan keyin Yevropa klublaridan unga taklif tushgani yoʻq.
Qayd etilishicha, portugaliyalik agent va futbolchi oʻrtasida avval ham kelishmovchiliklar boʻlib turgan va yakunda ular tezda yana oʻzaro til topishgan. Mendeshning oldida faqatgina “An-Nasr” klubidan taklif bor. Saudiya Arabistoni klubi Krishtianuga yillik 200 million yevro mablagʻ berishga tayyor.
Avvalroq, ushbu arab klubi Ronaldu uchun klubdagi 7-raqamni Jaloliddin Masharipovdan olib, tayyorlab qoʻygani maʼlum boʻlgandi. Oʻzbekistonlik futbolchi 77-raqamni tanlagan.
ronaldo