"Roma” yapon klubiga qarshi bahsda Shomurodovning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi
Italiyaning “Roma” klubi bugun, 28-noyabr kuni Yaponiyaning “Yokogama” klubiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi.
Murosasiz kechgan uchrashuvda tomonlar 3:3 hisobidagi jangovar durangga imzo chekdi. Dastlab, 9-daqiqada yaponlar Duduning goli evaziga hisobni ochgan bo‘lsa, 45-daqiqada avtogol orqali hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. 69-daqiqada Zanyolo hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi, biroq ko‘p o‘tmay, 72-daqiqada Matsubara hisobni 1:3 ko‘rinishiga keltirdi.84-daqiqada rimliklar a’zosi Ibanyez italyan klubining ikkinchi golini urishga muvaffaq bo‘ldi. 2-bo‘limda maydonga tushgan Eldor Shomurodov esa 90+2-daqiqada gol urib, hisobni tenglashtirdi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.