• 265 ta ko'rildi

O`zbekiston Respublikasining yer fondi

2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra O`zbekiston Respublikasining ma`muriy hududiy chegaralari doirasidagi umumiy yer maydoni 44892,4 ming gektarni tashkil qiladi.

Foydalanish maqsadiga qarab, yer fondi 8 ta toifaga bo`linadi:

  1. qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlar;
  2. axoli punktlari yerlari;
  3. sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo`ljallangan yerlar;
  4. tabiatni muxofaza qilish, sog`lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo`ljallangan yerlar;
  5. tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar;
  6. o`rmon fondi yerlari;
  7. suv fondi yerlari;
  8. zahira yerlar.

1.Qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlar

Bu toifaga qishloq xo`jalik mahsulotlarini yetishtirish bilan shug`ullanadigan yoki shu maqsadga mo`ljallab qishloq xo`jaligi korxonalari, tashkilotlari, muassasalari va ushbu hududlarda fuqorolarga berilgan uy joy va tomorqa yerlari kiradi. 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra, qishloq xo`jaligi korxona va tashkilotlarining soni 116977 ta bo`lib, ular foydalanadigan yerlarning umumiy maydoni 27148,5 ming gektarni yoki respublika yer fondining 60,5 foizini, qishloq xo`jalik er turlari maydoni esa 22116,1 ming gektarni, shundan 3694,9 ming gektari sug`oriladigan yerlarini tashkil qiladi.

2.Aholi punktlari (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining)yerlari

Bu toifadagi yerlarga shahar va shaharchalar ma`muriy chegaralarida bo`lgan hamda qishloq xo`jaligi va o`rmon xo`jalogi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari foydalanayotgan yerlar tarkibiga kirmagan qishloq aholi punktlari kiritilgan. Aholi punktlarining yer maydoni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 224,1 ming gektarni yoki respublika yer fondining 0,5 foizini tashkil qiladi.

3.Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo`ljallangan yerlar

Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo`ljallangan yerlarga belgilangan maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlar kiradi. Bu toifadagi yerlar tashkilotlarga yuklangan vazfalarni bajarish uchun belgilangan tartibta me`yoriy yoki loyiha-texnik hujjatlar asosida beriladi. Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo`ljallangan yerlarning maydoni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 879,6 ming gektarni yoki respublika yer fondining 1,96 foizini tashkil qiladi.

4.Tabiatni muxofaza qilish, sog`lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo`ljallangan yerlar

Tabiatni muxofaza qilish, sog`lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo`ljallangan yerlarning umumiy yer maydoni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 731,6 ming gektar yoki respublika yer fondining 1,63 foizini tashkil qiladi. Bu yerlarga muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan, ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va milliy bo`glar kiradi. Davlat tabiiy qo`riqrxonalari tabiatni muhofaza qilish, ilmiy-tadqiqot va ekologik-maorif muassasalari bo`lib maqsadi-tabiiy jarayon va hodisalarni, o`simlik va hayvonot dunyosi genetik fondini, o`simlik va hayvonlarning ayrim tur va turkumlarini, tipik va noyob ekologik tizimlarini tabiiy holatda saqlab qolish va o`rganishdan iborat.

5.Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar

Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan yerlardir. Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar va tarixiy madaniy maqsadlarda foydalaniladigan yerlarning umumiy yer maydoni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 14,6 ming gektar yoki respublika yer fondining 0,03 foizini tashkil qiladi.

6.O`rmon fondi yerlari

O`rmon fondi yerlariga o`rmon bilan qoplangan, shuningdek o`rmon bilan qoplanmagan bo`lsada, o`rmon xo`jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlar kiradi. O`rmon fondi yer maydoni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 12057,3 ming gektar yoki respublika yer fondining 26,86 foizini tashkil qiladi.

7.Suv fondi yerlari

Suv fondi yerlariga suv obyektlari, inshootlari egallagan yerlar hamda suv xo`jaligi ehtiyojlari uchun berilgan suv inshootlari yoqasidagi ximoyalash zonalari yerlari kiradi. Suv fondi yerlari maydoni 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 827,1 ming gektar yoki respublika yer fondining 1,84 foizini tashkil qiladi.

8.Zaxiar yerlar

Zaxiar yerlarga egalik qilish, foydalanish va ijara maqsadida yuridik va jismoniy shaxslarga berilmagan hamda boshqa yer toifalarida hisobga olinmagan barcha (shu jumladan, suv osti) yerlari kiradi. Zaxira yer maydonlari 2022-yil 1-yanvar holatiga ko`ra 3009,6 ming gektar yoki respublika yer fondining 6,70 foizini tashkil qiladi.

O`zbekiston Respublikasi yer fondi kitobidan.