• 137 ta ko'rildi

“Oʻzbek” nomining kelib chiqishi

“Oʻzbek” nomi kelib chiqishi haqida qarashlar va taxminlar koʻp. Har qaysi oʻziga yarasha asos va kamchiliklarga ega. Asosiy qarash 1312-yil Oltin Oʻrda taxtiga oʻtirgan Oʻzbekxon nomi bilan bogʻliq. Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, Oʻzbekxonga qadar ham mintaqadagi turkiylar orasida bu ism boʻlgan. Xususan Saljuqiylarda Oʻzbek Muzaffar ismli voliy, Jaloliddin Xorazmshohning Oʻzbektoy nomli sarkardasi boʻlgan.

Xullas Oltin Oʻrdaning qudratli xoni Oʻzbekxon moʻgʻullar ichida birinchi boʻlib islomni qabul qiladi va mamlakatdagi barchaning ushbu dinga oʻtishiga buyruq beradi. Bosh tortganlar jazolanadi. Shunday boʻlsada moʻgʻullarning katta qismi yashirincha oʻz dinida qoladi. Islom dinini qabul qilgan, Oʻzbekxonga va Oltin Oʻrda saroyiga yaqin insonlar “Oʻzbekxon dinini qabul qilganlar” yoki “oʻzbeklar” deb atala boshlanadi. Sekin-asta islom dini keng tarqala borishi bilan oʻzbeklar soni ham ortib boradi hamda Dashti Qipchoqdagi koʻplab turkiy va moʻgʻul urugʻlari oʻzbek nomini qabul qiladi.

Oltin Oʻrda parchalangach, oʻzbeklar janubi-sharqqa yurib, Sirdaryo boʻyida Abulxayrxon boshchiligida “Oʻzbek ulusi”ga asos soladi. Aynan shu davrda oʻzbek va qozoqlarning ajralishi haqida ham yozgandim. Aynan bir oʻtmishga egaligi sabab oʻzbek va qozoq urugʻlari deyarli bir xil.

Abulxayrxon vafotidan soʻng uning qurgan davlati qozoq xonlari tomonidan bosib olinadi va uning nevarasi Shayboniyxon Movarounnahrga qochadi. Keyinroq esa bu yerni Temuriylardan tortib oladi va yangi oʻzbeklar davlatiga asos soladi.

Rus (bu paytda Ivan Grozniy boshchiligidagi Rossiya ayni kuchayayotgan davr edi) va qozoqlarning hujumlaridan charchagan yuz minglab oʻzbeklar Shayboniyxon yoniga, Movarounnahrga kela boshlaydi. Natijada tez orada Muvorounnahrda oʻzbeklar soni ortib ketadi. Keyingi davrlarda ham Dashti Qipchoqdan oʻzbek qabilalari kelishda davom etadi. Masalan Buxoro xonligining ikkinchi hukmron sulolasi boʻlmish Ashtarxon(Joniy)lar ham Shayboniyxondan yarim asr keyin Buxoroga kelgandi. Katta qismi turkiy boʻlgan oʻzbeklar asta-sekin Movarounnahrdagi turkiy halqlar bilan aralashib ketadi.

Safaviylar shohi Tahmasp oʻz hujjatlarida Shayboniylar davlatini Oʻzbakiston deb ataydi. Alisher Navoiy ham gʻazallaridan birida ushbu nomni tilga olgan. Mintaqa vakillaridan esa Turdi Farogʻiy ilk bor “Oʻzbekiston” atamasini qoʻllaydi:

Dur ahdu tang chashmu besaru yaʼjuj vazʼ,

Muxtalif mazhab guruhi oʻzbakistondur bu mulk.

yoxud

Tor koʻngulli beklar, manman demang kenglik qiling,

Toʻqson ikki bovli oʻzbek yurtin tenglik qiling.

Bu borada Turdi Farogʻiyni ilk oʻzbek quruvchisi deyish mumkin. Buxoro xonligining ikkinchi nomi Oʻzbekiston hisoblanib, koʻpgina oʻsha davrdagi Yevropa xaritalarida ham Buxoro yerlari Oʻzbakiston deb yozilgan. Shu tariqa oʻzbek nomi xalq va davlat nomiga aylanadi hamda aholi oʻzini oʻzbeklar deb atay boshlaydi.

1924-yilda aynan oʻzbeklar davlati hisoblanuvchi Xiva, Qoʻqon va Buxoro yerlarida Oʻzbekiston SSR tashkil etiladi.

Oʻzbek nomi yoʻq edi, faqat 1924-yilda paydo boʻldi deguvchilar uchun qisqacha boʻlsada umumiy tarix. Aslida bu juda katta kitobga jo boʻluvchi tarix hisoblanadi. Bu borada juda katta tadqiqot ishlari olib boriglan va olib borilmoqda.

Suratda Oltin Oʻrdaning qudratli hukmdori Oʻzbekxon


tarix o‘zbekxon o‘zbekiston o‘zbeknomi