• 36 ta ko'rildi

Markaziy Osiyoda ilk o‘t ochar qurollar qachon paydo bo‘lgan?

O‘rta Osiyoda ilk o‘t ochar qurol – ra’dlar Amir Temur qo‘shinida bo‘lgan. Nizomiddin Shomiyning ma’lumotiga qaraganda, qo‘shindagi ra’dlarni boshqaruvchi to‘pchilarning soni 10 mingga yetgan. 

Ushbu to‘p Amir Temur tomonidan ilk marta XIV asr oxiri, 1379 yil Urganch qamal qilingan vaqtda ishga solingan.

Temuriylar davlatining poytaxti hisoblangan Samarqandda XIV asrning ikkinchi yarmida qurol-yarog‘ yasash ishlari sezilarli darajada rivojlangan. XVI asrning ikkinchi choragida xonlik poytaxtining Buxoroga ko‘chirilishi munosabati bilan qurol-aslaha ishlab chiqaruvchi ustalar ham shu yerga ko‘chib o‘tgan. Bu yerda xon qo‘shinini qurollantirish uchun lozim bo‘lgan qurol-aslahaning asosiy qismi ishlab chiqarila boshlangan. Lekin bu davrning asosiy qurollari bo‘lgan o‘t ochar qurollarning katta qismi Turkiya va Erondan olib kelingan bo‘lsa, ba’zi to‘plar mahalliy sharoitda yasalgan.

XV-XVI asrlardan boshlab Movarounnahr hududida to‘fang, ra’d, arroda (to‘rt g‘ildirakli aravaga o‘rnatilgan kichik to‘p, zarbzan), farangiy (yevropacha to‘p, ular Husayn Boyqaro va Bobur, keyinchalik, shayboniylar qo‘shinida mavjud bo‘lgan) singari o‘t ochar qurollar keng tarqalgan va ular O‘rta Osiyoga Eron va Turkiya hududlaridan keltirilgan.

Shayboniylar, ayniqsa, Usmoniylar bilan birga Safaviylarga qarshi kurashgani sabab Istanbuldan Buxoroga ko‘plab o‘t ochar qurollar ustalari va qurollarning o‘zi yetkazib berilgan. Keyingi asrlarda Markaziy Osiyoga o‘t ochar qurollar: to‘plar, miltiqlar va zambarak Usmoniylar imperiyasidan keltirilgan.

Shunday qilib, XII asrda Xitoyda paydo bo‘lgan va XIV asrda Yevropaga tarqalgan o‘t ochar qurollardan Markaziy Osiyoda XIV asr oxiridan foydalanila boshlangan.


tarix tarixiyfaktlar