
Kolumb nafaqat sayohatchi, balki insoniyat oshxonasini boyitgan buyuk oshpaz ham
Amerikaning tub xalqlari — hindular dunyo sivilizatsiyasiga eng kam hissa qoʻshgan deb aytiladi. Haqiqatdan ham, ular hali metal qurollarni kashf qilmagan paytda yevropaliklar oʻtochar qurollar bilan ularni qirgʻin qilgan. Amerikada ming yilcha yashagan xalqlar ikki-uch asrda deyarli yoʻq boʻlib ketdi.
Ammo ular jahon sivilizatsiyasiga, ayniqsa, ovqat sivilizatsiyasiga katta hissa qoʻshgan. Agar hindular boʻlmaganda Ikkinchi jahon urushida “ikkinchi non” deb aytilgan kartoshka ham, bugun har bir davlat taomlarida ishlatiluvchi pomidor ham, bulgʻor qalampiri ham (bu aslida Amerika qitʼasidan keltirilgan, Rossiya Bolgariya orqali kirib kelgan), kadi (qovoq), loviya, makkajoʻxori ham boʻlmasdi. Bu sabzavotlarning bari “Yangi dunyo” — Amerika qitʼasidan Yevropaga olib kelingan.
Ishonish qiyin, ammo Amerika kashf qilinmaguncha, yevropaliklar ham, bizning ota-bobolarimiz ham, biz hozir ularsiz ovqatni tasavvur qila olmaydigan kartoshka va pomidor nimaligini bilmagan. Va menimcha hozir Eski dunyoning (Afrika, Yevropa, Osiyo) hech qaysi poliz mahsulotlari (piyozdan tashqari) yuqoridagilardan koʻproq qoʻllanilmaydi. Yaʼni bugungi kundagi insoniyatning asosiy yegulik mahsulotlari Amerika hindulari oshxonasi merosi. Ular boʻlmaganda hozirgi dasturxonimiz rang-barang boʻlmay, ancha gʻarib koʻrinardi. Va albatta odamzod kartoshkadek hamyonbop, toʻyimli mahsulotdan quruq qolardi.