
Firibgar qo'lida qo'g'irchoq bo'ldim
Internet magazinda sotuv va reklama menejeri bo'lib ishlab yurgan vaqtlarim. Mning vazifam telefon orqali mijozlarga mahsulot sotish edi. Lekin menga qilayotgan ishim yoqmas edi. Sababi u yerda yolg'on ko'p edi. Reklamada tekin deb ko'rsatilgan tovarni 500 minga sotar edim. Bora bora ishimdan ko'nglim sovub bordi. U yerdan muloqot, sotuv ko'nikmalari o'rgandim. Nafaqat marketing sohasiga kirishimga balki osif tizimida ishlashimga ham o'sha ishxonam sababchi bo'lgan. Bu ishxonamdan oldin qayerlarda nima ishlar qilganimni keyingi maqolamda aytib o'tganman.
Xullas oxirgi paytlarda ishdan bo'shashga tayyor edim. O'sha paytda men rahbar lavozimida ishlashni, qo'l ostimda xodimlarim bo'lishini juda qattiq xohlardim. Orzu qilishda ham ehtiyot bo'lish kerak ekan, amalga oshib qolishi mumkin.
Oradan 1 yil o'tar o'tmas "Toshkent Stroy City" qurilish firmasidan marketolog lavozimi bo'yicha taklif tushdi. Albatta qabul qildim. Qisqa paytda reklama va sotuvda sezilarli o'zgarish qildim. Bu ko'rsatkichlarimni direktor ko'rib, menga direktor lavozimini bermoqchi bo'ldi. Uning o'zini bundan boshqa ham bir nechta bizneslari bor edi.
Biroz ikkilandim va bu taklifni qabul qilmadim.
Shunda meni adminstrator etib tayinladi. Endi reklama va sotuv ishlaridan boshqaruv ishlariga o'tdim. Liderlik ko'nikmalarimni o'shu yerda shakllantirdim.
Bir necha oy o'tib, birin ketin muammolar paydo bo'la boshladi.
Men reklama qilayotgan uy aslida mavjud emas, men sotayotgan uyning egasi boshqa odam bo'lib chiqdi. Direktor bizga ko'rsatgan barcha hujjatlar qalbaki bo'lib, qurilishi to'xtagan obyekt egasi vafot etgan ekanligi haqidagi turli xil gaplar tarqala boshladi. Bunga qadar allaqachon bir nechta odamlar uy uchun to'lov qilishgan edi. Direktor esa xotirjamlik bilan biz (men va boshqa xodimlar) ni yupatdi, u gaplar asossiz va obyekt uni nomida ekanligi, o'z pullariga sotib olganligi haqidagi hujjatlarni bizga ko'rsatdi. Men esa na ishonishni va na ishonmaslikni bilar edim. Yuragim g'ash bo'lganidan ishdan ketishni ma'qul ko'rdim.
***
Bir necha oydan so'ng direktor qamoqqa olinganidan xabar topdim. Shubhalarim asosli bo'lib chiqdi. Uy uchun to'lov qilganlar meni ustimdan ham IIB ga shikoyat arizasi berishgan ekan.
Ancha vaqtdan so'ng tergovga meni ham chaqirishdi.
***
Meni direktor bilan yuzlashtirishdi.
Direktor men haqimda "Bu mening xodimim, u oylikga ishlagan edi. Men buni aldab uy qurilishiga ishontirgan edim. Buni hech narsadan xabari yo'q va mening jinoiy sherigim emas" deb ko'rsatma berdi.
Lekin uyga to'lov qilgan odamlar meni yoqamni qo'yib yuborishni istashni istamadi. Chunki ular "Men uning reklamasini ko'rib kelgandim. Meni o'zi qabul qildi. Uning gaplariga rostan ishonib, yashab turgan uyimni sotib to'lov qildim. Hammasiga u aybdor. U meni ishontirmaganda edi, men uyimni sotmagan bo'lar edim" deb shikoyatida qatiy turib olishdi.
Men reklama qonuni yaxshi bilaman. Bir uyni reklama qilib, uni kimgadir sotishim uchun qanday asos va ma'lumot kerak bo'lsa, ishga kelishim bilanoq barchasini o'z ko'zim bilan ko'rganman. Ishonch hosil qilganimdan so'ng ishga kirishganman. Direktorning hujjati qalbakilashtirishi bu uning aybi. Men marketologman hujjatni soxta yoki haqiqiyligini tekshiruvchi yurist yoki auditor emas. Vazifam reklama qilish va sotish bo'lgan. Va shunga oylik olar edim.
Demak uyga to'lov qilganlar mening reklamam, mening gapim, mening tavsiyamga ishonishgan bo'lsa bu mening aybim emas. Buni yutug'im deb bilaman. Chunki bu kasbiy mahoratim va oyligimni halollab olganligim isboti.
Agar firibgarlikni bilib turib indamay ishlashni davom etganimda bu boshqa masala. Direktorning gaplaridan shubhalanishni boshlashim zahoti ishdan ketganman. Shubham asosli ekani bilganimdan so'ng IIB ga shikoyat arizasi berishimga xojat qolmagan edi. Uni allaqchon tyurmaga tiqishgan ekan.
O'shanda menga bir nechta joydan ishga taklif tushgan edi. 3 ta variant bor edi. Hisobim bo'yicha barchasini oyligi deyarli teng. Lekin men hissiyotim yordamida qaror qabul qildim, erkinlik, qulay sharoit, rahbarlikni xohladim va mana shu ishxonani tanladim.
Qarorim natijasini nima bo'lganini o'zingiz guvohi bo'ldingiz.
O'sha ishda qancha muddat ishlagan bo'lsam, nima topgan bo'lsam hammasini yo'qotdim.
Mutlaqo hammasini.
Uyim, pulim, o'qishim, vaqtim va o'sha ish orqali tanishgan va eng qadrdon qiyomatli do'st deb tutingan qadrdonimni ham yo'qotdim. U bilan ham yuzko'rmas bo'lib kettik. (Bu haqida alohida yozaman, judayam qiziq voqea edi)
Bir tomondan haromdan topganim nasib qilmaganiga shukr qilyapman. Shu dunyoning o'zida javob berayotganimga shukr. Chunki u dunyoning hisob kitob og'ir. Hech birimizni jazoyimizni u dunyoga qo'ymasin, chunki dosh berolmaymiz.
...Mening ish ko'rsatgichim yoqqanligidan direktorlik lavozimini bermoqchi bo'lganda, qabul qilmagan edim. To'lov va asosiy shartnomalar direktor tomonidan imzolangan va pechatlangan bo'lardi. Uy olmoqchi va to'lov qilmoqchi bo'lgan mijozlarga direktor pechatlagan va imzolagan tayyor to'lov shartnomani to'ldirib berardim. Mijozdan pulni olmasdim. Hattoki "shu uyni bir necha kun ushlab turing, boshqaga berib yubormang" deb garov berishmoqchi bo'lganda ham qabul qilmagan edim.
Mijozlar shartnomada ko'rsatilgan bank hisob raqamiga to'lov qilishardi va asosiy shartnoma tuzilardi. Ba'zida direktor imzolab va pechatlab ketgan tayyor shablon tugab qolsa, shartnomani kechiktirar edim. Har qanday vaziyatda ham pechatdan foydalanmasdim va ishonchnomam bor bo'lsada hujjatlarni imzolamasdim.
O'shanda aqlimga quloq solganman.
✍️ ©Kitobiy