
Barhayot...
Kelin salom. Bilasiz, xalqimizga xos bu qadimiy udum Oʻzbekistonning har bir viloyatida, har bir vohasida oʻziga xos tarzda, oʻzgacha bir shukuh bilan oʻtkaziladi. Hammasi ham oʻzida millatimizga xos estetik qarashlarni aks ettiradi. Poytaxtimiz Toshkent shahrida kelinlar boshlariga yopinchiq yopgan holda egilib salom beradilar, Samarqandda esa salom aytilgan vaqtda qoʻllariga ilingan roʻmolcha bilan yuzini yopadi. Qashqadaryo vohasida esa yon tomonga egilgan holatda salom beradi. Milliy liboslarda hayo bilan bosh egib turgan kelinlarning salom berish uchun qilayotgan bu harakatlari ushbu mrosimga kelgan barchani maftun etadi. Jamiyatda kelajagiga barqaror bir zamin tayyorlashni istagan yoshlar ota-onaga, qoʻni-qoʻshnilarga, yor-birodarlarga, qarindosh-urugʻlarga hurmat bajo aylagan holda marosim orqali oʻz ehtiromlarini koʻrsatadilar. Hurmat bajo aylab salom qilayotgan kelinga nomi aytilgan har bir xayrixoh kishi yosh oilaning mustahkamligi va barqarorligi uchun qoʻllaridan kelgunicha oʻz hissalarini qoʻshadilar. Bu ham oʻzbek xalqining jipsligini oʻzaro, mehr-oqibatliligini namoyon etadi.
Bu tantanada asosan ayollar ishtirok etadilar, ammo yosh oilaga hamqadam boʻladigan kuyovning otasi, amakisi, togʻalari yangi kelinning salomini qabul qilishadi. Yosh oilaga hadyalar berishadi. Kelin salom aytuvchi yangalar kelinni goʻzal liboslarda olib chiqib kelayotganlarida tashrif buyurganlar hurmat va izzat bilan davra qurib kelin atrofiga yigʻilishadi. Barcha topgan-tutgan buyumlarini yangi kelin-kuyov oldiga qoʻyadilar. Oila jamiyatning asosiy, muqaddas boʻgʻini boʻlganligi sababli mana shu yoshlarimiz yangi hayotga qadam tashlar ekan, avvalambor yaratgan zot Allohga salomlar aytadi.
Erka ulni er qilgan, ikki yoshni bir qilgan,
Salom, salom, kelin salom,
avval Xudoga salom.
o'zbekiston qadriyatlar kelinchak